“Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-158-son, 16.10.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirilib, kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi.
Texnikumlarda:
- kadrlar tayyorlash Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va O‘zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;
- boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi;
- boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan o‘quvchilar uchun – davlat granti asosida amalga oshiriladi;
- o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi;
- o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilariga o‘zlashtirgan modullari, to‘plagan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat etiladi.
187