
Ikki viloyatning olis hududlariga maktab avtobuslari qatnaydi. Yangi o‘quv yilidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
1-sentyabrdan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqlagan farmonida ko‘zda tutilgan. Hujjatda aytilishicha, transport xizmatlari autsorsing asosida amalga oshiriladi.
Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish prezident tomonidan 2023-yilning sentyabrida tasdiqlangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, 2024-yilda 100 ta maktabni qamrab olish rejalashtirilgandi.
2021-yilda UNICEF va Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati maktablarda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha so‘rov o‘tkazgan. Respondentlarning yarmidan ko‘pi maktabga boradigan yo‘l xavfsiz emasligini ta’kidlagan. Xususan, Toshkentda respondentlarning 60 foizi shunday javob bergan. Aksariyat maktab o‘quvchilari maktabga piyoda boradi.
135